Mahalliy
Toshkentda xalqaro universitetlar shaharchasi barpo etiladi
Prezidentga oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish va talabalar xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha strategik loyihalar taqdim etildi.
Unga ko‘ra, yangi integratsiyalashgan «1+3» va «2+2» ta’lim tizimlari joriy qilinib, talabalarning xorijda o‘qish va yashash xarajatlari 10 baravargacha qisqartiriladi. Hozirda Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan har bir talaba uchun yiliga 50 ming dollargacha mablag‘ sarflanmoqda.
Shuningdek, Xalqaro malakalar va baholash markazi tomonidan 2027 yil yakuniga qadar yetakchi xorijiy oliygohlar diplomini beradigan kamida ikkita ta’lim dasturlari markazini tashkil etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda Qatarning «Education City», Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay xalqaro akademik shahri hamda Janubiy Koreyaning Inchxon global kampusi tajribasi asosida nufuzli xorijiy universitetlar filiallari va kampuslarini birlashtiruvchi «Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasi»ni barpo etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga, talabalar soni esa 270 ming nafardan 1,7 million nafarga yetgan.