Jamiyat
Toshkentda o‘qituvchi o‘quvchini kaltakladi
Tarmoqlarda videosi tarqalayotgan voqea 19 may kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-maktabda ro‘y bergan. IIBBga ko‘ra, 9-sinf o‘quvchisi o‘qituvchining ko‘rsatmalarini bajarmay, darsga xalal bergan. Kaltaklangan bola jarohat bilan shifoxonaga murojaat qilgan. O‘qituvchiga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Tarmoqlarda tarqalgan videodan kadrlar
Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-maktabda o‘qituvchi 9-sinf o‘quvchisini kaltakladi. 19 may kungi voqea videosi internetda tarqalmoqda.
Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, 2010 yilda tug‘ilgan R.R. va shu maktab o‘qituvchisi 2002 yilda tug‘ilgan Z.O. tortishib qolib, o‘zaro janjallashib ketgan.
“O‘quvchi dars jarayonida o‘qituvchi tomonidan berilgan ko‘rsatmani bajarmasdan, dars mashg‘ulotlari o‘tkazilishiga xalaqit bergan. Janjal vaqtida o‘qituvchi o‘quvchiga tan jarohati yetkazgan. Natijada jabrlanuvchi tibbiy yordam uchun shifoxonaga murojaat qilgan”, – deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan o‘qituvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov boshlangan.