Mahalliy
Toshkentda «Nizomiy»ga qarashli talabalar yotoqxonasi sotuvga qo‘yildi
Poytaxtning markaziy ko‘chalaridan biri — Muqimiy ko‘chasida joylashgan Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetiga qarashli talabalar turarjoyi sotuvga chiqarildi.
Obyektni xususiylashtirish O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF–70-sonli farmoni asosida amalga oshirilmoqda. Hujjatga ko‘ra, obyektni sotishdan tushadigan mablag‘lar baholash va savdo xarajatlari chegirilganidan so‘ng Yangi Toshkent shahrida universitetning yangi kampuslarini qurish uchun maqsadli ravishda yo‘naltiriladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, sotuvga qo‘yilgan majmua 1 gektar yer maydonini egallaydi. Uning tarkibiga 5, 7, 8 va 9-sonli talabalar turarjoylari hamda yordamchi inshootlar kiradi. Binolarning umumiy maydoni qariyb 16 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Obyektning boshlang‘ich bahosi 272,3 milliard so‘m etib belgilangan. Ushbu summaning 215,6 million so‘mi hududdagi ko‘p yillik daraxtlar qiymatiga to‘g‘ri keladi.
Savdo shartlariga ko‘ra, bo‘lajak investor obyekt negizida shaharsozlik normalariga muvofiq nodavlat ta’lim muassasasi tashkil etishi va uning ta’lim yo‘nalishini saqlab qolishi lozim. Shuningdek, xaridor obyektni 2027-yil 31-dekabrga qadar bo‘shatib berish shartini ham qabul qiladi. Bunda talabalar uchun Yangi Toshkent shahrida qurilayotgan kampuslar foydalanishga topshirilishiga qarab, obyekt belgilangan muddatdan oldin yoki keyin investorga berilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, mazkur farmonga ko‘ra Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 10-sonli talabalar yotoqxonasi hamda Toshkent viloyati Toshkent tumanida joylashgan «Kensoy o‘quv va talabalar turarjoyi» binolari ham sotuvga chiqarilishi kerak. Hujjatda balansda saqlovchi, ya’ni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining so‘roviga asosan obyektlar bosqichma-bosqich ommaviy savdolarga chiqarilishi belgilangan.