Jamiyat
Toshkentda metro bekatida chaqaloq tug‘ildi
Metroning G‘afur G‘ulom bekatida ayol farzandini dunyoga keltirdi. Unga poyezdlarni kutib olish va jo‘natish bo‘yicha navbatchi xodima birinchi yordam ko‘rsatgan.
Toshkent metrosining G‘ofur G‘ulom bekatida homilador ayol farzandini dunyoga keltirdi. Bu haqda «Toshkent metropoliten» DUK matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, poyezdlarni kutib olish va jo‘natish bo‘yicha navbatchi xodima Naima Maxamadjonovaga bekat o‘tish yo‘lagidagi ichki ishlar xodimi tomonidan yo‘lovchi ayolning holati bo‘yicha xabar berilgan. Vaziyatni to‘g‘ri baholagan Naima Maxamadjonova xizmat davomida o‘ziga o‘rgatilgan maxsus bilimlar va ko‘nikmalarni ishga solgan holda birinchi yordam ko‘rsatib, voqea joyida ayolning farzandini sog‘-omon dunyoga keltirishiga yaqindan ko‘maklashgan. U chaqaloq sog‘ligi uchun kerakli yordamlarni ko‘rsatgan: kindik qismini bog‘lab, chaqaloq nafas olish refleksini faollashtirgan.
Bu vaqt ichida tez yordam xizmati va ayolning yaqinlari chaqirilgan. Tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar xodimlar ona va bola holatini alohida nazoratga olib, ularning xavfsizligini ta’minlashgan.
Hozirda ona va bolaning sog‘ligi yaxshi, ular shifoxonaga yetkazilgan.