Jamiyat
Toshkentda kuchli dorilar noqonuniy muomalasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament bo‘limlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud dori vositalarining noqonuniy savdosi va tashilishi bilan bog‘liq 3 ta holat aniqlandi. Yirik miqdordagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zafarobod tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.M. tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari mavjud bo‘lgan 180 dona dori vositasini fuqaro F.B.ga 2,2 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi. Tadbir davomida uning xonadonidan sotish maqsadida saqlab kelayotgan 1 170 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro S.A. tuman hududidagi savdo do‘konida tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari mavjud bo‘lgan 756 dona dori vositasini o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, mazkur dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Yana bir holatda, Departamentning Bektemir tumani bo‘limi ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman hududidagi “Sharq” YPX maskanida fuqaro A.S. boshqaruvidagi Cobalt avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, salonda 112 dona tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari mavjud “Regapen” nomli dori vositasini o‘tkazish maqsadida Toshkent shahriga olib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.