Jamiyat
Toshkentda ijaradagi uyda narkolaboratoriya tashkil qilgan talaba qo‘lga olindi
22 yoshli talaba yigit va 18 yoshli qiz Mirzo Ulug‘bek tumanida ijarada yashaydigan xonadonda narkolaboratoriya tashkil etishgan. Tezkor qidiruv tadbirlarida ushbu sintetik giyohvand vositalarini “zakladka” usulida tarqatib kelgan 15 nafar shaxs ushlangan. Ular orasida talabalar ham bor.
Toshkent shahrida ijara uyda narkolaboratoriya tashkil etilgani aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda 18 yoshli qiz va 2003 yilda tug‘ilgan talaba yigit ijarada yashaydigan xonadonda narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlangan.
Ular 2025 yil sentabr oyidan buyon Telegram`dagi narkodo‘konda kuratorlar topshiriqlariga asosan prekursorlarni tashkil qilish va sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan. Mazkur manzildan 1 kg mefedron sintetik giyohvandlik vositalari hamda narkolaboratoriyada foydalanish uchun zarur bo‘lgan asbob va uskunalar daliliy ashyolar tariqasida hujjatlashtirib olingan.
Tezkor tadbirda qo‘lga olingan kimyogar talaba yigitning mobil telefoniga kelgan geolokatsiya bo‘yicha yo‘nalish tashkil qilinib, Yangihayot tumanidagi dala maydonida “zakladka” usulida ko‘mib ketilgan 1 kg sintetik giyohvandlik vositalari topilgan.
Toshkent shahri hududida davom ettirilgan tezkor qidiruv tadbirlarida ushbu giyohvand vositalarini geolokatsiyalarga “zakladka” usulida tarqatib kelgan 9 kishi ushlangan. Ulardan 3 nafari talaba. Shuningdek, xuddi shunday zakladchik lavozimida ishlab kelgan yana 6 nafar shaxs qo‘lga olingan. Ular orasida bu ish bilan oilaviy shug‘ullanib kelgan fuqarolar ham borligi bildirilgan.
Tezkor tadbir davomida jami 10 ming dozaga teng bo‘lgan 2 kg sintetik giyohvand vositasi tarqalishining oldi olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi «b» bandi (uyushgan guruh tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.