Jamiyat
Toshkentda IIO bo‘linma boshlig‘i jinoyatda gumonlanib qo‘lga olindi
Shayxontohur tumanida ishlovchi xodim firibgarlik bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ijobiy hal qilish evaziga tadbirkordan 7 ming dollar talab qilgan. U o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2,5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Toshkent shahrida ichki ishlar xodimi tezkor tadbirda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Shayxontohur tumani IIO FMB TQX jinoyat qidiruv bo‘limi bo‘linma boshlig‘i tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsga nisbatan firibgarlik bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini o‘zining mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni aytgan. Buning evaziga 7 ming dollar talab qilgan.
Shuningdek, tadbirkorga tegishli restoranda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida mazkur muassasa ishchisining kuyish jarohati olganligi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tugatib berish uchun 500 dollar so‘ragan.
Shu tariqa, bo‘linma boshlig‘i ikki holat bo‘yicha 7,5 ming dollar talab qilgan. U kelishilgan puldan 2,5 ming dollarini olgan vaqtida DXX, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi va Toshkent shahar prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.
Mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqand va Namangan viloyatlarida pora talab qilgan profilaktika inspektorlari qo‘lga olingandi.