Jamiyat
Toshkentda IIBBning ikki nafar tezkor xodimi pora bilan ushlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ichki ishlar organlarining ikki nafar mas’ul xodimi tomonidan sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlarga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, Shayxontohur tumani IIO FMB Jinoyat qidiruv bo‘limi (JQB) katta tezkor vakili Toshkent shahar IIBB JQB katta tezkor vakili bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan. Ular 1982-yilda tug‘ilgan fuqaroning yonidan 3 gramm «gashish» moddasi topilganligi holati bo‘yicha yuritilayotgan tergovga qadar tekshiruv hujjatlari doirasida, gumonlanuvchini jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga undan 2 200 AQSh dollari miqdorida pora talab qilishgan.
Shayxontohur tumani IIO FMB xodimi mazkur mablag‘dan 1 000 dollarini oldindan olgan, u qolgan 1 200 dollarni o‘z xizmat xonasida qabul qilib olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tezkor tadbir davomida uning sherigi — shahar IIBB JQB katta tezkor vakili ham protsessual tartibda qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan har ikki xodimga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilarga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.