Jamiyat
Toshkentda elektr korxonasi muhandislari 8 ming dollar bilan ushlandi
Toshkent shahrida elektr tarmoqlari korxonasining ikki nafar muhandisi katta miqdordagi jarimani kamaytirib berish evaziga pora talab qilgan vaqtda qo‘lga olindi.
Toshkent shahri tumanlaridan birida faoliyat yurituvchi elektr tarmoqlari korxonasining 2 nafar muhandisi tijorat bank filiali binosida o‘rnatilgan elektr hisoblagichni tekshirish jarayonida qonunbuzilish holatini aniqlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, elektr hisoblagich tarmoqqa noto‘g‘ri sxema orqali ulangani sabab elektr energiyasi hisob-kitoblari xato yuritilayotganligi qayd etilgan. Shu asosda ular tomonidan 400 mln so‘m miqdorida jarima hisoblangan.
Biroq muhandislar elektr hisoblagichni tarmoqqa ulagan mas’ul MChJ rahbariga ushbu jarimani 65 mln so‘mga tushirib berishni va’da qilib, evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda muhandislar so‘ralgan pul mablag‘ini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtda qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda 1520 qisqa raqami orqali xabar berish so‘raldi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi.