Jamiyat
Toshkentda bog‘chalardagi “karantin” haqidagi xabarlar rad etildi
Toshkent shahridagi ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida go‘yoki “karantin” joriy etilishi mumkinligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar asossiz ekani ma’lum qilindi.
Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi
Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi bildirishicha, hozirgi kunda poytaxtda xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lib, karantin e’lon qilinishiga sabab bo‘ladigan holatlar qayd etilmagan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tilga olinayotgan qizamiq, meningit, gepatit, sil va boshqa kasalliklar bo‘yicha ham karantin joriy etishni talab qiladigan epidemiologik holat mavjud emasligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, har yili qishki mavsumda gripp va O‘RVI bilan kasallanish holatlari aholi orasida mavsumiy ravishda ko‘payishi kuzatiladi. Shu munosabat bilan ta’lim muassasalarida bolalar salomatligini muhofaza qilish maqsadida ertalabki filtr (saralash) ishlari — tana haroratini o‘lchash, kasallik belgilari bor bolalarni vaqtincha ajratish hamda ota-onalarga profilaktik tavsiyalar berish choralari amalga oshiriladi.
Sanepidqo‘mita mazkur filtr jarayonlari ayrim fuqarolar tomonidan “karantin” sifatida noto‘g‘ri talqin qilinganini qayd etdi hamda aholini tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikka, ma’lumotlarni faqat rasmiy manbalar orqali tekshirishga chaqirdi.