Jamiyat
Toshkentda bekatlar yana almashmoqda: odamlar rozimi?
Poytaxtda avtobus bekatlari buzilib, o‘rniga yangi tipdagilari o‘rnatilmoqda. Yangi bekatlar qishning sovuq, yozning jazirama kunlarida yo‘lovchilarga nima bera oladi? Soyasi yetmaganidan quyoshdan pana izlab o‘zini har yonga urayotgan odamlar bu yangilik haqida qanday fikrda? Kun.uz odamlarga mikrofon tutdi.
Toshkent shahrida jamoat transporti infratuzilmasini yaxshilash maqsadida boshlangan avtobus bekatlarini modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Poytaxt hokimligiga ko‘ra, hozirga qadar 1000 dan ortiq bekat yangilangan.
Joriy yil mart oyi boshida Toshkent shahar hokimi barcha bekatlarni yagona standart asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, poytaxtdagi jami 2717 ta bekatdan 1185 tasi yangilanishi, shuningdek, ulardagi noqonuniy savdo shoxobchalari olib tashlanishi belgilangan.
Loyiha Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTeM) tomonidan muvofiqlashtirilib, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida amalga oshirilmoqda. Rasmiylarning ta’kidlashicha, yangi bekatlar platformalari tekis va to‘siqsiz bo‘lib, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ham moslashtiriladi. Shahar bo‘ylab kunlik yo‘lovchilar oqimi hozirda 1,4 million kishini tashkil etmoqda va yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 2 million kishiga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa bekatlarning sig‘imi va qulayligiga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda.
Rasmiy ma’lumotlar ortida qanday amaliy holat mavjudligini aniqlash maqsadida Kun.uz muxbiri bir nechta bekatda bo‘lib, yo‘lovchilar fikri bilan qiziqdi.
So‘rovnoma davomida respondentlarning aksariyati yangi bekatlarning “ochiq” va “yupqa” konstruksiyaga ega ekanidan shikoyat qildi. Shuningdek, bekatlarning quyosh, yomg‘ir va boshqa noqulay ob-havo sharoitlaridan yetarli darajada himoya qila olmasligi asosiy muammolardan biri sifatida qayd etildi. Aksariyat yo‘lovchilar bekatlar zamonaviy dizaynga ega bo‘lsa-da, amaliy foydalanish nuqtayi nazaridan yetarlicha qulay emasligini ta’kidladilar. Ayniqsa, yoz oylaridagi yuqori harorat sharoitida soyabon maydonining kichikligi yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirayotgani ta’kidlandi.
«Quyoshli kun, issiq kunlari quyoshni qop ketayotganligini sababli, sal kengaytirish ham kerak. Naves bo‘lsa yaxshi, odamlarga qulay bo‘ladi-da», — deya izohladi yo‘lovchilardan biri.
Yana bir respondent bekat konstruksiyasining amaliy jihatlariga e’tibor qaratib, shunday dedi:
«Bekatni orqa tarafiga o‘tib, avtobusni kutishga majbur bo‘lyapmiz. Bu ostanovkalar bittasi ham yaramas bo‘ladi, yomg‘ir-qorda odamlar hammasini urib tashlaydi».
So‘rovnoma ishtirokchilari tomonidan ko‘tarilgan yana bir muhim masala — bekatlarning raqamli axborot tizimlari bilan to‘liq jihozlanmaganidir. Xususan, GPS asosidagi real vaqt rejimida avtobuslarning harakatini ko‘rsatuvchi elektron monitorlarning yetishmasligi yo‘lovchilarda noaniqlikni yuzaga keltirib, kutish vaqtining ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa jamoat transportidan foydalanish qulayligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Bu yerda GPS yo‘q, bu yerda o‘zbekchilik, mana shu yo‘lga qarab, tomosha qilib o‘tirishadi».
Bekatlarda o‘rindiqlar sonining kamligi ham yo‘lovchilar tomonidan dolzarb muammo sifatida tilga olindi. Ayniqsa, yoshi katta fuqarolar, homilador ayollar hamda yosh bolalar bilan harakatlanayotgan yo‘lovchilar uzoq vaqt tik turishga majbur bo‘layotgani qayd etildi. Bu esa bekatlarning inklyuzivlik va qulaylik talablariga to‘liq javob bermayotganini ko‘rsatadi.
«Skameykalar ham ko‘paytirish kerak, chunki bu yerda yoshi katta odamlar qiynaladi, ko‘p oyoqda qolib ketishadi».
Intervyular davomida ayrim bekatlarda sanitariya holati va tozalik masalalari ham ko‘tarildi. Respondentlarning ta’kidlashicha, chiqindi qutilarining o‘z vaqtida bo‘shatilmasligi hamda bekat hududining muntazam tozalanmasligi umumiy muhit sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu holat nafaqat estetik ko‘rinishni, balki yo‘lovchilarning jamoat transporti tizimi haqidagi umumiy taassurotini ham yomonlashtirmoqda.
«Birinchidan, hozir bu yerni ko‘rganda holi kayfiyat tushib ketadigan darajada. Musur idishlari yo‘lida qaralmagan, toza emas».