Jamiyat
Toshkentda avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarga deliniatorlar o‘rnatilmoqda
Toshkent shahrida jamoat transporti harakati samaradorligini oshirish maqsadida avtobuslar uchun ajratilgan maxsus yo‘laklarga deliniatorlar o‘rnatish ishlari boshlandi. Yangi yechim avtobuslar harakatini tezlashtirish, kechikishlarni kamaytirish va yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, poytaxtda avtobuslar harakati uchun mo‘ljallangan «A» toifasidagi alohida yo‘laklarni bosqichma-bosqich joriy etish ishlari davom etmoqda. Xususan, Magic City hududidagi Furqat ko‘chasidan Xalqlar do‘stligi saroyi atrofidagi Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida maxsus yo‘l chiziqlari chizilib, deliniatorlar o‘rnatilmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, deliniatorlar avtobus yo‘lagini umumiy transport oqimidan ajratib, boshqa transport vositalarining ushbu yo‘lakka kirib ketishini cheklaydi. Bu esa jamoat transporti harakati tezligi va barqarorligini ta’minlashga yordam beradi.
Jahon tajribasida AQSh, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Singapur, Avstraliya va Ozarboyjon poytaxti Bokuda bunday alohida yo‘laklar jamoat transporti samaradorligini oshirishning muhim vositalaridan biri sifatida qo‘llab kelinmoqda.
Qayd etilishicha, 2026 yil davomida Toshkentning 30 dan ortiq ko‘chasida «A» toifasidagi maxsus avtobus yo‘laklarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishlarda deliniatorlar va boshqa infratuzilma yechimlari ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Loyihaning asosiy maqsadi avtobuslar harakatini tezkor, barqaror va oldindan rejalashtirish mumkin bo‘lgan tizimga aylantirish, shu orqali jamoat transporti jozibadorligini oshirishdan iborat.