Jamiyat
Toshkentda avtobus yo‘laklari deliniatorlar bilan ajratilmoqda
Toshkent shahrida jamoat transporti harakatiga ustuvorlik berish maqsadida avtobuslar uchun mo‘ljallangan «A» toifasidagi alohida yo‘laklarni tashkil etish ishlari davom etmoqda.
Xususan, «Magic City» hududidagi Furqat ko‘chasidan Xalqlar do‘stligi saroyi yaqinidagi Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida «A» yo‘lagi uchun maxsus chiziqlar chizildi. Shuningdek, ushbu yo‘laklarni umumiy transport oqimidan ajratish uchun deliniatorlar o‘rnatish ishlari boshlandi.
Deliniator — bu yo‘lda harakat yo‘laklarini bir-biridan ajratib turuvchi maxsus plastik yoki rezina to‘siq elementlaridir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday yechim avtobuslar harakat tezligini oshirish, qatnovdagi kechikishlarni kamaytirish hamda jamoat transporti jadvalining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Aytilishicha, jahonning ko‘plab yirik shaharlari, jumladan AQSh, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Singapur, Avstraliya va Boku shahrida avtobuslar uchun ajratilgan alohida yo‘laklar transport tizimi samaradorligini oshirishning muhim vositasi sifatida qo‘llanib kelinmoqda.
Deliniatorlar esa avtobus yo‘laklariga boshqa transport vositalarining kirib ketishini kamaytirib, yo‘l harakati tartibini yaxshilashga yordam beradi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil davomida Toshkentning 30 dan ortiq ko‘chasida «A» toifasidagi alohida yo‘laklarni tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur yo‘nalishlarda deliniatorlar va jamoat transporti samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa infratuzilma elementlari ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.