Jamiyat
Toshkentda 800 dan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy saqlagan fuqaro ushlandi
Prezident farmoni doirasida narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi olib borilayotgan tadbirlar natijasida Toshkent shahrida 759 dona dori vositasini yashirincha qadoqlab, tarqatishga uringan gumonlanuvchi ushlandi. Uning uyidan qo‘shimcha 81 ta dori vositalari va kukunsimon moddalar ham topildi.
«Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik hamda narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston prezidenti farmoni ijrosini ta’minlash doirasida Toshkent shahrida bir qator tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jinoyat qidiruv bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida fuqaro gumonlanuvchi sifatida ushlanib, undan 759 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olingan. Tergovga qadar tekshiruvlar davomida ushbu dori vositalari yashirincha sotish maqsadida alohida qadoqlangani aniqlangan.
Shundan so‘ng jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan gumonlanuvchining yashash manzili xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Qidiruv natijasida uydan qo‘shimcha ravishda 81 ta kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari va kukunsimon moddalar topilib, belgilangan tartibda daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Huquq-tartibot idoralari aholiga murojaat qilib, giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy aylanishiga oid har qanday ma’lumot bo‘lgan holda IIV koll-markaziga yoki Telegram’dagi «Stopnarko» botiga murojaat qilishni so‘ramoqda. Fuqarolarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.