Jamiyat
Toshkentda 35 ming dollar talab qilgan hisobchi tezkor tadbirda ushlandi
Muqaddam soliq idoralarida ishlagan, hozirda hisobchi (MChJ) bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonaga 17 mlrd so‘mlik QQS manfiy farqini qaytarish va to‘xtatilgan QQS guvohnomasini qayta faollashtirish “yordami” evaziga 35 ming AQSh dollari talab qilgan. DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tezkor tadbiri paytida u ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Toshkent shahrida transport va logistika xizmatlari ko‘rsatuvchi MChJda hisobchi bo‘lib ishlayotgan shaxs, o‘zining sobiq hamkasblari imkoniyatlaridan foydalanishini aytgan holda, bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi MChJdan 17 mlrd so‘m miqdoridagi qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) manfiy farq summasini qaytarib berish, shuningdek, to‘xtatilgan QQS guvohnomasini qayta faollashtirib berishni va’da qilgani uchun 35 000 AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u korxona ta’sischisidan 20 500 AQSh dollarini olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan hisobchi va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (katta miqdorda firibgarlik) va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (pora olishga hamkorlik qilishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari jarayonida gumonlanuvchi o‘zining “xolis yordami”ni Soliq qo‘mitasining katta inspektori orqali amalga oshirishni rejalagani aniqlandi. Mazkur davlat xizmatchisi ham jinoyat ishiga gumonlanuvchi sifatida jalb etilgani bildirildi.