Iqtisodiyot
«Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva buni joriy yilning eng muhim iqtisodiy yangiliklaridan biri va so‘nggi o‘n yilda amalga oshirilgan tizimli islohotlarning mantiqiy natijasi deb baholadi.
Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva xabar berdi.
«Bu joriy yilning eng muhim iqtisodiy yangiliklaridan biri hamda qariyb o‘n yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan tizimli islohotlarimizning mantiqiy natijasidir. Endi Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish rasman Konstitutsiyaviy qonun darajasida mustahkamlandi. Markaz Angliya huquqi asosida, alohida huquqiy maqomga ega bo‘lgan hudud sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, o‘zining maxsus tartibga solish tizimi, mustaqil tijorat sudi hamda ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan huquqiy muhitiga ega bo‘ladi. Global investorlar, banklar, investitsiya fondlari va xalqaro moliya kompaniyalari aynan mana shunday shaffof mexanizmlar bilan ishlashga o‘rgangan. Mazkur yangi regulyatorlik ekotizimi xalqaro kapital, zamonaviy moliya xizmatlari va yirik transmilliy loyihalar uchun mamlakatimizning jozibadorligini oshirishi kutilmoqda. Mohiyatan olganda, ushbu qonun jahon bozorining eng qimmatli aktivi — ishonchga investitsiyadir. Toshkent investorlar uchun tushunarli qoidalarni hamda kapitalning eng yuqori darajadagi himoyasini kafolatlagan holda, jahon moliya tizimining uzviy qismiga va butun mintaqa iqtisodiy rivojining yetakchi drayveriga aylanish sari dadil qadam tashlamoqda», deb yozdi Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 18 iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilgan edi.
«Yaqinda O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Xalqaro investitsiyalar va ko‘p millatli korxonalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilishi e’lon qilindi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi kutilmoqda. Bularning barchasi g‘oyalaringiz amaliyotda izchil tatbiq etilayotganining yorqin dalilidir», dedi prezident.