Jamiyat
Toshkent viloyatida tog‘da jarohatlangan sayyoh qutqarildi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Katta Chimyon tog‘ida sayohat vaqtida jarohat olgan fuqaro FVV qutqaruvchilari tomonidan qutqarib qolindi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 24 may kuni soat 14:05 da Toshkent viloyati FVBBga 10 nafar fuqaro Katta Chimyon tog‘iga sayohatga chiqqan vaqtida ulardan biri sirpanib yiqilgani va tan jarohati olgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabar ortidan Chimyon qutqaruv otryadi xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Qutqaruvchilar jabrlangan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, uni dengiz sathidan taxminan 2300 metr balandlikdan xavfsiz hududga olib tushgan.
Shundan so‘ng fuqaro tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan. Ayni vaqtda uning ahvoli yaxshi ekani bildirilmoqda.