Jamiyat

Toshkent viloyatida bolani uxlamagani uchun haqoratlab, urgan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi

Published

on


Ohangarondagi bog‘chalardan birida tarbiyachi kichik yoshli bolani uxlamagani uchun haqoratlab, unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Voqea tasvirga olinib tarqalgach, tarbiyachi ishdan bo‘shatildi, holat yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda.

Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida tarbiyachi bolaga nisbatan jismoniy kuch ishlatib, uni haqorat qilgani ma’lum bo‘ldi.

Bolalar ombudsmani Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat Ohangaron shahridagi 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan. Tarbiyachi bolani uxlamagani uchun «urod» deya haqorat qilgan va unga nisbatan zo‘ravonlik qilgan. Ushbu jarayonni tasvirga olib, tanishiga yuborgan.

«Ohangaron shahri 10-sonli DMTMda tarbiyachi Sh.A. tarbiyalanuvchi bolaga jismoniy kuch ishlatgani hamda bolaning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi munosabatda bo‘lgani uchun 2026 yil 6 aprel kuni tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, u ishdan bo‘shatilgan», – deyiladi Bolalar ombudsmani ma’lumotida.

Shuningdek, ombudsman tarbiyachining mazkur xatti-harakatlari bolaga nisbatan jismoniy kuch ishlatish va uning sha’ni hamda qadr-qimmatini tahqirlash hisoblanishini ta’kidlagan.

Hozirda holat yuzasidan Ohangaron shahar ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Bola manfaatlari nuqtayi nazaridan ish Bolalar ombudsmani nazoratiga olingan, qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq taqdim etiladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version