Jamiyat
Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi «Do‘rmon» qo‘rg‘onida Abdulla Oripov uy-muzeyining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.
Abdulla Oripov – o‘zbek xalqining ardoqli farzandi, atoqli shoiri, ozod O‘zbekiston madhiyasi matnining muallifi. Sobiq ittifoqning bir yoqlama mafkurasi qilichi ziyolilarimizning qutlug‘ qoni bilan bo‘yalgan va bu qon hali qurib ulgurmagan, ijodkorlarimiz boshi uzra qatag‘on siyosati ko‘lankasi solib turgan tahlikali davrda «O‘zbekiston – Vatanim manim!» deya o‘z yurtini baralla tarannum etish uchun hamma ham o‘zida jur’at topmagan. Mana shunday jasur qalam ahli eslanganida, shubhasiz, Abdulla Oripov nomi birinchilar qatorida zikr qilinadi. Qolaversa, millionlab qalblarni o‘zining lirik nazmiy asarlari orqali ezgulik va mehr-oqibat, pokiza ishq va vatanparvarlik tuyg‘usi bilan to‘ldirgan ham Abdulla Oripov edi.
Do‘rmon ijod uyiga tutash hovlida Abdulla Oripov 1996-2016 yillarda yashab, ijod qilgan. Joriy yil qahramon shoirimiz tavalludiga 85 yil to‘ldi…
— Bu uy-muzeyini tashkil etishda davlatimiz rahbarining tashabbusiga minnatdorlik bildirgan holda katta bunyodkorlik va o‘zgarishlarga beminnat ko‘mak bergan atoqli shoirimiz oilasi, jumladan, Hanifa aya Mustafoyevaga minnatdorlik bildiramiz, — dedi Toshkent viloyati hokimi, senator Zoyir Mirzayev tantanali tadbirda. — Chunki o‘z e’tibor berilmaganida, bugun bu yangi uy-muzeyining, pirovardida, kelajak avlodning madaniy mulkiga aylangan noyob eksponatlar, tarixiy qo‘lyozma va suratlar ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylanmaganida, ularning yo‘q bo‘lib ketish ehtimoli ham yo‘q emasdi.
Tadbirda davlat va jamoat arboblari, shoir va yozuvchilar, xususan, Abdulla Oripovning shogirdlari so‘zga chiqdi, xalqimizning yangi madaniyat dargohi bilan samimiy tabrikladi.
Toshkent viloyatida ochilgan ushbu maskan Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosini keng targ‘ib etish, ayniqsa, yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘ururni mustahkamlash, avlodlarni yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.