Jamiyat
Toshkent va Sirdaryoda narkojinoyatlar zanjiri fosh etildi
Poytaxtda giyohvand moddalarni “zakladka” usulida tarqatib kelgan shaxs qo‘lga olinib, uning yashash manzilida narkolaboratoriya aniqlandi. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida katta miqdorda prekursorlar musodara qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida sintetik giyohvand moddalar tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq jinoiy faoliyatga chek qo‘yildi.
Tezkor tadbir davomida 1979 yilda tug‘ilgan shaxs Toshkent shahri hududidagi ko‘p qavatli uylar yo‘laklari va boshqa joylarga xorijdan olib kelingan giyohvandlik vositalarini berkitib ketayotgan vaqtida ushlandi.
Xolislar ishtirokida uning yoni va avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, 15 dona kichik bo‘laklarda “Al’fa PVP” va 24 dona bo‘laklarda “Mefedron” giyohvandlik vositalari borligi aniqlandi.
Shuningdek, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilib, uyning yerto‘la qismida narkolaboratoriya tashkil etilgani ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbirlar natijasida jami 2,8 kg giyohvand moddalar, 11,5 litr prekursorlar hamda narkolaboratoriya uchun zarur anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Bundan tashqari, gumonlanuvchining telefonidagi geolokatsiya ma’lumotlari asosida Sirdaryo viloyati Xovos tumani hududida xufiya joyga yashirib qo‘yilgan, sintetik narkotiklar tayyorlashda foydalaniladigan 49,9 kg va 48 litr prekursorlar ham topilib, musodara qilindi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelinsa, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.