Jamiyat
Toshkent va Samarqandda qariyb 6 kg narkotik modda musodara qilindi
Toshkent viloyati va Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qariyb 6 kilogramm narkotik modda musodara qilinib, giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan bir necha shaxslar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Bekobod shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Jinoyat kodeksining kontrabanda va giyohvandlik vositalari muomalasiga oid moddalari bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan 1992 yilda tug‘ilgan shaxs ushlandi.
U tomonidan ijaraga olingan xonadon ko‘zdan kechirilganda, oshxonadagi muzlatgich ichida 151 gramm «opiy», hojatxona shaxtasi ichida esa 4 kilogramm 971 gramm «gashish» saqlanayotgani aniqlandi. Ma’lum qilinishicha, mazkur narkotik moddalar qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan.
Shuningdek, DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari hamda ichki ishlar organlari hamkorligida Urgut tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2003 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro shartli xaridorga 932 gramm «gashish» va 2,5 gramm «opiy» moddalarini 10 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelganda 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.