Siyosat
Toshkent va Islomobod mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni Pokistonga davlat tashrifi doirasida Islomobodda Pokiston Qurolli Kuchlari shtabi boshlig‘i va quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashdi.
Global Industrial and Defence Solutions kompaniyasi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklikni yanada rivojlantirishning muhim jihatlari muhokama qilindi.
Tomonlar harbiy va harbiy-texnikaviy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, xavfsizlikka mavjud tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratdilar. Ikki mamlakatning yirik mudofaa sanoati korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Muzokaralarda, shuningdek, harbiy mutaxassislar tayyorlash dasturlarini kengaytirish, tajriba almashishni kuchaytirish, qo‘shma mashg‘ulotlar va o‘quv tadbirlarini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, tomonlar transport-logistika sohasida istiqbolli infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Muhokamalardan soʻng harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan alohida yoʻl xaritasini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.