Jamiyat
Toshkent va Farg‘onada giyohvandlik vositalari aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi
Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida yashovchi 5 nafar aka-ukaning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, ular tomonidan yashirib qo‘yilgan jami 9 kg 14 gr marixuana, 1 tup kannabis, 1 dona pnevmatik qurol, ov quroliga tegishli 21 dona patron, 19 dona gilza, 1 dona rezina tayoqchasi (dubinka), 2 dona sovuq qurol ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Ushbu fuqarolar muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan bo‘lsa-da, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan. Ular 2 nafar farzandini ham o‘zining ishlariga jalb qilgan.
Shuningdek, ularning sherigi hisoblangan shaxsning yashash manzili ham ko‘zdan kechirilganda xonadon omborxonasi va oshxonasida jami 7 dona qog‘oz bo‘lagiga solingan quruq holatdagi kannabis va chekish uchun mo‘ljallangan moslama borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan giyohvandlik vositasining aylanmasiga chek qo‘yildi.
Yunusobod tumanida yashovchi shaxs boshqaruvida bo‘lgan Cobalt rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashinaning salon qismida sof og‘irligi 967 gr bo‘lgan “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi hisoblangan fuqarodan ham 1 kg 992 gr “gashish” moddasi olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari hamda Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan ichki ishlar hamda bojxona idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona tumanidagi xonadonlardan biri xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, unda fuqaroga tegishli 6880 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Kelgusida Toshkent shahrida sotilishi rejalashtirilgan ushbu dori vositalari Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan bo‘lib, umumiy qiymati 412 mln so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.