Jamiyat

Toshkent tumanida 22 ta mahalladagi issiqxonalarda ekologik qoidalar buzilishi aniqlandi

Published

on


Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish va ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan reydlar doirasida Toshkent tumani hududidagi 22 ta mahallada joylashgan 30 ta issiqxona faoliyati o‘rganildi. Tekshiruvlarda issiqxonalarni isitishda filtrsiz qozonlar ishlatilayotgani va ekologik talablar buzilayotgani aniqlanib, 24 issiqxona egasiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish hamda ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning 2–3 dekabr kunlari Milliy gvardiya, ichki ishlar organlari, Favqulodda vaziyatlar xizmatlari, prokuratura va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mas’ul idoralar xodimlari hamkorligida Toshkent tumani hududida keng qamrovli reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Reydlar chog‘ida tumanning 22 ta mahalla hududida joylashgan 30 ta issiqxona faoliyati o‘rganildi. Tekshiruvlar davomida issiqxonalarni isitish uchun o‘rnatilgan qozonlarda maxsus filtr uskunalari mavjud emasligi yoki ekologik standartlarga javob bermasligi aniqlandi. Bu esa chiqindilarning to‘g‘ridan to‘g‘ri atmosferaga tashlanishiga va havo ifloslanishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar yuzasidan 24 nafar issiqxona egasiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Xo‘jalik egalariga qisqa muddat ichida filtr o‘rnatish, ishlatilayotgan uskunalarni ekologik talablarga moslashtirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, shunday reyd tadbirlari davomiy tarzda tashkil etilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, berilgan ko‘rsatmalar ijrosi va ekologik qoidalarga rioya etilish holati qat’iy nazoratga olingan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version