Jamiyat
«Toshkent to‘y oshi» patentlandi
O‘zbekistonda milliy taomlardan biri — «Toshkent to‘y oshi» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu qaror mahsulotning kelib chiqishi va o‘ziga xos xususiyatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlaydi.
Qayd etilishicha, «Toshkent to‘y oshi» nomi faqat Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga xos an’anaviy usulda tayyorlangan mahsulotlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, «Toshkent to‘y oshi» oddiy taom emas, balki murakkab texnologik jarayon sifatida baholanadi. U asosan tong saharda, yarimsfera shaklidagi cho‘yan qozonlarda tayyorlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, geografik ko‘rsatkich maqomi mahsulot nomini va uning tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi. Bu orqali mahsulot sifati davlat me’yorlariga muvofiqligi kafolatlanadi hamda soxta mahsulotlarning oldi olinadi.