Jamiyat
Toshkent shahrida IIBBning ikki tezkor xodimi qo‘lga olindi
Tezkor vakillardan biri yonidan narkotik modda topilgan fuqaroni jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga undan 2 200 dollar talab qilgan. Shundan ming dollarini muqaddam olib, qolganini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlangan. Uning sherigi ham qo‘lga olingan.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Toshkentda IIBning ikki tezkor vakiliga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Olmazor tumanida yashovchi 44 yoshli fuqaroning yonidan 3 gr gashish narkotik moddasi topilgan va holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatiga kirishilgan. Shayxontohur tumani IIO FMB Jinoyat qidiruv bo‘limi katta tezkor vakili Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi katta tezkor vakili bilan kelishgan holda ushbu fuqarodan uni jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga 2 200 dollar talab qilgan. U kelishilgan puldan muqaddam ming dollar olgan.
Tezkor vakil qolgan 1 200 dollarini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Shuningdek, Toshkent shahar IIBB JQB katta tezkor vakili ham protsessual tartibda ushlangan.
Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur katta tezkor vakillarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha qo‘llangan 276 mln so‘mlik jarimani “tanishlari orqali hal qilib berish” va chora ko‘rilmasligini ta’minlash evaziga 9 ming dollar talab qilgan prokuratura xodimi qo‘lga olingandi.