Jamiyat
Toshkent—Samarqand tezyurar temir yo‘li Xivagacha uzaytirilishi mumkin
O‘zbekiston Toshkent—Samarqand yuqori tezlikdagi temir yo‘l magistralini Xivagacha uzaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, uzunligi taxminan 300 kilometr bo‘lgan Toshkent—Samarqand uchastkasi bo‘yicha loyihalashtirish ishlari yakunlangan. Yangi magistral ishga tushsa, mazkur yo‘nalishdagi safar vaqti hozirgi 2 soat 30 daqiqadan 1 soat 40 daqiqagacha qisqarishi mumkin.
Vazir o‘rinbosari magistralni Xivagacha davom ettirish masalasi hozircha muhokama bosqichida ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mavjud transport tizimi kengaytirishni talab qilmoqda va bu g‘oya istisno qilinmaydi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha amalga oshirilsa, Toshkent va Xiva o‘rtasidagi safar vaqti hozirgi 7,5 soatdan taxminan 5 soatgacha qisqarishi mumkin.
Jasurbek Choriyev ushbu yo‘nalishda «Hyundai Rotem» kompaniyasi ishlab chiqargan poyezdlardan foydalanish ehtimoli borligini aytdi. Shu bilan birga, boshqa turdagi harakat tarkiblari ham ko‘rib chiqilayotgani qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, loyihaning asosiy qismi temir yo‘l infratuzilmasini yangilash va yuqori tezlikka moslashtirishdan iborat bo‘ladi.
Aprel oyi oxirida Janubiy Koreya kompaniyalari konsorsiumi Toshkent—Samarqand tezyurar temir yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslanishning yakuniy hisobotini taqdim etgan edi.
Transport vazirligi hujjatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish ustida ish olib borayotgani, shundan so‘ng tender jarayonlari boshlanishi mumkinligi aytilmoqda. Qurilish ishlari 2026-yilning o‘zida start olishi ehtimoli ham bor.
Shu bilan birga, 5 maydan Toshkent va Xiva o‘rtasida «Hyundai Rotem»ning «Jaloliddin Manguberdi» yuqori tezlikdagi poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Yetti vagonli tarkib soatiga 250 kilometr tezlikka chiqa oladi.