Iqtisodiyot
Toshkent-Samarqand pulli yo‘lini Xitoy kompaniyasi quradi. Loyiha qiymati
Toshkent-Samarqand pulli yo‘lining uzunligi 282 kmni tashkil etadi. Loyiha qiymati – 2 mlrd 185 mln dollar. Ushbu mablag‘ning 85 foizi yoki 1 mlrd 857 mlrd dollari xorijiy kreditlar hisobidan, qolgan 15 foizi yoki 328 mln dollari O‘zbekiston budjetidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan. Qurilishni Xitoy kompaniyasi amalga oshiradi. «Yangi loyiha tirbandliklarni kamaytirib, odamlarga Samarqandga yoki belgilangan manzilga 2−2,5 baravar tezroq yetib borishga sharoit yaratadi», – dedi transport vaziri Ilhom Mahkamov.
Toshkent-Samarqand pulli yo‘li loyihasi bo‘yicha tenderda Xitoy qurilish kompaniyasi g‘olib chiqdi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Toshkent-Samarqand pulli yo‘lining uzunligi 282 kmni tashkil etadi. Shundan 108 km Jizzax viloyati, 47 km Samarqand viloyati hududidan o‘tadi.
«Yangi loyiha tirbandliklarni kamaytirib, odamlarga Samarqandga yoki belgilangan manzilga 2−2,5 baravar tezroq yetib borishga sharoit yaratadi», — dedi Mahkamov.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, uzoq vaqt davom etgan tenderdan keyin Xitoy kompaniyasi tanlab olingan. Hozirda shartnoma tuzish va qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti.
O‘zbekiston Milliy banki boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatovning ma’lum qilishicha, loyiha qiymati taxminan 2 mlrd 185 mln dollarga baholanmoqda. Loyihani to‘rt bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bankka zarur hollarda qurilishni moliyalashtirish bo‘yicha topshiriq berilgan.
«Loyihani moliyalashtirishga Xitoyning bir nechta banki jalb etiladi. Bular — Xitoy davlat taraqqiyot banki, Xitoy Eksport-import banki va Xitoy Kommunikatsiyalar banki», — dedi Mirsoatov.
Prezident administratsiyasining Transport va logistikani rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi rahbari Otabek Ungboyevning aniqlik kiritishicha, Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘li loyihasi uchun mo‘ljallangan 2 mlrd 185 mln dollarlik mablag‘ning 85 foizi – 1 mlrd 857 mlrd dollar xorijiy kreditlar hisobidan, qolgan 15 foizi – 328 mln dollar O‘zbekiston budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq, Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yo‘li Sergeli tumanidagi Toshkent halqa yo‘lidan boshlanadi va mavjud trassaga parallel tarzda o‘tishi ma’lum qilingandi.
Avtomagistralda 12 ta kirib-chiqish terminali bo‘lishi, haydovchilarga yo‘lning turli nuqtalarida magistralga kirish va chiqish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilgan.
Yo‘lning texnik xususiyatlari quyidagicha: harakat tasmalari 6 ta, loyihaviy tezlik 150 km/soat, kutilayotgan avtomobil jadalligi sutkasiga 50 mingtagacha, tasmalar kengligi 3,75 metr, qurilish muddati esa 5 yil. Pulli yo‘ldan foydalanish tarifi hozircha belgilanmagan.