Jamiyat
Toshkent metrosida chaqaloq dunyoga keldi
Toshkent metrosining G‘afur G‘ulom bekatida chaqaloq tug‘ildi.
Poyezdlarni kutib olish va jo‘natish bo‘yicha navbatchi xodima — Maxamadjonova Naimaga xizmat davomida bekat o‘tish yo‘lagidagi ichki ishlar xodimi tomonidan yo‘lovchi ayolning holati bo‘yicha xabar berilgan.
Bir lahzada vaziyatni to‘g‘ri baholagan Naima Maxamadjonova xizmat davomida o‘ziga o‘rgatilgan maxsus bilimlar va ko‘nikmalarni ishga solgan holda birinchi yordam ko‘rsatib, voqea joyida ayolning farzandini sog‘-omon dunyoga keltirishiga yaqindan ko‘maklashdi hamda chaqaloq sog‘ligi uchun kerakli yordamlarni (kindik qismi bog‘lanib, yangi tug‘ulgan chaqaloq nafas olish refleksini faollashtirgan) ko‘rsatgan.
Bu vaqt ichida tez yordam xizmati va ayolning yaqinlari chaqirildi. Tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar (taxmiman 10 daqiqa) xodimlar tomonidan ona va chaqaloq holatini nazorat ostida ushlab, ularning xavfsizligini ta’minladi.
Hozirda ona va chaqaloqning sog‘ligi yaxshi, ular shifoxonaga yetkazilgan.