Jamiyat
to‘rtinchi qavatdan tushib ketgan o‘zbekistonlik ayol shifoxonada vafot etdi
Avval xabar qilinganidek, Turkiyaning Izmir shahrida 22 yoshli o‘zbekistonlik ayol ko‘p qavatli uyning to‘rtinchi qavatidan qulashi oqibatida olgan tan jarohatlari tufayli shifoxonaga yotqizilgan edi. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan barcha zarur tibbiy muolajalarga qaramay fuqaro Sevdora Hakimjonova shifoxonada vafot etdi.
Ayni paytda konsulxona hamda O‘zbekiston Migratsiya agentligi marhumaning jasadini vatanga qaytarish bo‘yicha zarur tashkiliy ishlarni olib bormoqda. Jasad 2026 yil 23 mart kuni “Istanbul — Andijon” reysi orqali O‘zbekistonga olib kelinadi.
Ma’lum qilinishicha, Hakimjonova Turkiya fuqarosi bilan (imom nikohi asosida) turmush qurgan bo‘lib, ushbu nikoh rasmiy tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Uning turmush o‘rtog‘i ham, o‘zi ham eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan. Ular Izmir shahrida erkakning yaqin qarindoshlari bilan birga yashab kelgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda, to‘plangan materiallar prokuratura tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda.