Iqtisodiyot

To‘rt oy oldin sotilgan Qurilish vazirligi binosi yana qayta auksionga qo‘yildi

Published

on


Toshkentdagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi binosi qayta sotuvga chiqarildi. Lotning yangi boshlang‘ich narxi 187 mlrd 238 mln so‘m etib belgilangan. Xaridor obektni shaharsozlik hujjatlariga muvofiq ofislar va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun ishlatishi kerak bo‘ladi. Sotilgan bino nega yana qayta auksionga chiqarilganining sababi ma’lum emas. 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkentdagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi binosini yana sotuvga qo‘ydi. Bu haqda E-auksion platformasida xabar berildi.

Yetti qavatli bino Abdulla Qodiriy va Abay ko‘chalari kesishmasida, O‘rda massivi tomonda joylashgan. Binoning umumiy maydoni 11 725 kvadrat metrni, unga tutash hudud esa 0,48 gektarni tashkil etadi.

Obektda barcha kommunikatsiyalar — elektr energiyasi, gaz, suv ta’minoti va kanalizatsiya mavjud. Xaridor obektni shaharsozlik hujjatlariga muvofiq ofislar va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun ishlatishi kerak. Lotning yangi boshlang‘ich narxi 187 mlrd 238 mln so‘m etib belgilangan. Auksion 15 may kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi. Obektni xarid qilishda muddatli to‘lov imkoniyati ham mavjud.

Dastlabki xususiylashtirish

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining binosi bundan 4 oy oldin ham xususiylashtirilgandi. 16 dekabr kungi savdo 130,3 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan boshlangandi va 8 ta qadamdan iborat bo‘lib, 1 soat-u 7 daqiqa davom etgandi. Yakunda 182,2 mlrd so‘mlik taklif bilan “O‘zshahar qurilish invest” MChJ g‘olib bo‘lgandi.

“O‘zshahar qurilish invest” 2024 yil 26 noyabr holatiga davlatniki bo‘lgan: kompaniyaning 90 foiz ulushiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, 10 foiziga “Qurilish Invest Development” MChJ egalik qilgan. Davaktiv Kun.uz’ning ushbu kompaniyaning qachon va qancha narxga xususiylashtirilgani haqidagi savollarini javobsiz qoldirdi.

Sotilgan bino nega yana qayta auksionga chiqarilganining sabablari ma’lum emas.

Avvalroq Qurilish vazirligi Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishi hamda u yerda Transport va Suv xo‘jaligi vazirliklari bilan bitta yangi binoda joylashishi ma’lum qilingandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version