Siyosat
To‘qayev referendumdan ko‘zlangan maqsadni ochiqladi
Bugun, 15-mart Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi.
Oqo‘rda matbuot xizmati xabari berishicha, mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Ostona shahridagi O‘quvchilar saroyida joylashgan 51-sonli referendum uchastkasida ovoz berdi.
«Bugun mamlakatimiz taqdirini hal qiladigan kun. Barchani tabriklaymiz! Aslida, bu — tarixiy hujjat. U fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini kafolatlaydi. Shuning uchun uning ahamiyati juda yuqori. Yangi Konstitutsiya mamlakatimizning hududiy yaxlitligi, mustaqilligi va suverenitetini himoya qiladi. 1995-yilda qabul qilingan Konstitutsiya alohida rol o‘ynadi. Mamlakatimiz ushbu hujjat bilan 35 yil davomida yashab kelayotir. Ammo vaqt bir joyda to‘xtab turmaydi. Binobarin, yangi Konstitutsiyani qabul qilish vaqti keldi. Men ham uni tayyorlashda faol ishtirok etdim. Konstitutsiyaning preambulasi va boshqa normalari qanday shaklda bo‘lishini taklif qildim. Ishonamanki, yangi Konstitutsiya mamlakat farovonligi va kelajagiga xizmat qiladi», — dedi Q.To‘qayev.
Qozog‘iston rahbari jurnalistlar savollariga javob berarkan, prezidentlik saylovi 2029 yilda amaldagi Konstitutsiyaga muvofiq o‘z vaqtida o‘tkazilishini qayd etdi.
Umumxalq referendumi Qozog‘iston prezidentining joriy yil 11-fevraldagi farmoniga ko‘ra o‘tkazilmoqda.
Fuqarolardan «OAVda 2026-yil 12-fevral kuni e’lon qilingan yangi Konstitutsiya loyihasini qabul qilacizmi?» degan mazmundagi savolga munosabat bildirish so‘ralgan.
Yangi Asosiy qonunga muvofiq, Qozog‘istonda ikki palatali parlament o‘rniga 145 deputatdan iborat bir palatali Qurultoy tashkil etiladi.
Avval xabar berganimizdek, Q.To‘qayev joriy yil 20-yanvar kuni Milliy qurultoyning V majlisida bir qator o‘zgarishlar, jumladan, davlat boshqaruvi tizimida yangi lavozim – vitse-prezident institutini joriy etishni taklif qilgan edi.
Oldinroq Qozog‘istonning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot bergandi.