Iqtisodiyot
To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar ro‘yxati bekor qilinadi
2026 yil 1 yanvardan davlat xaridlarida raqobatli usul orqali ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilishning “taklif so‘rovi” yangi tartib-taomili joriy etiladi.
“Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida davlat xaridi predmetining o‘rtacha bozor narxini sun’iy intellekt texnologiyalari asosida hisoblab beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.
2026 yil 1 yanvardan davlat xaridlarida raqobatli usul orqali ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilishning “taklif so‘rovi” yangi tartib-taomili joriy etiladi.
2026 yil 1 yanvardan:
To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati bekor qilinib, mazkur ro‘yxat bo‘yicha davlat xaridlari raqobatli usullardan foydalangan holda amalga oshiriladi;
“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berish haqida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda davlat xaridi ijrochisining nomi aniq ko‘rsatiladi;
davlat xaridlarida elektron do‘konga ofertalarni joylashtirish muddati 15 kundan 60 kungacha uzaytiriladi hamda tovarlarni yetkazib berish muddati kamida 5 kun etib belgilanadi;
Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida xarid hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish muddatlari ularning qiymati va murakkabligidan kelib chiqib qisqartiriladi.