Iqtisodiyot
tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun barcha choralar ko‘riladi
Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish rejalari e’lon qilindi. Prezident bunday vazifalar mamlakatda tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik hamda ahillikni mustahkamlashni, Qurolli Kuchlar jangovar salohiyatini oshirishni talab etishini ta’kidladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Ma’lum qilinishicha, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda iqtisodiy institutlar bilan yaqin hamkorlikni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikda iqtisodiyotni texnologik modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, barqaror energetika va transport loyihalarini amalga oshirish ishlari davom ettiriladi.
Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Shanhay hamkorlik tashkiloti hamda Islom hamkorlik tashkiloti doirasida an’anaviy, keng qamrovli sheriklik aloqalarini yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Prezident ta’kidlashicha, “bunday ulug‘vor vazifalar” mamlakatda tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik va ahillikni yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini oshirishni talab etadi. Davlat rahbari buning uchun barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishini bildirdi.