Jamiyat
Tibbiyot sohasida «super kontrakt» tizimi bekor qilinishi mumkin
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab tibbiyot yo‘nalishida kadrlar tayyorlash tizimida muhim o‘zgarishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Jumladan, SSV taklif qilayotgan Prezident farmoni loyihasida tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat yo‘nalishlarida oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish tartibi bekor qilinishi rejalashtirilgan. Bu qaror qabul jarayonida sifat mezonlarini kuchaytirishga qaratilgani bilan izohlanmoqda.
Shuningdek, bakalavriat, rezidentura (klinik ordinatura) va magistratura mutaxassisliklarida:
shifokor mutaxassisliklari uchun minimal o‘tish bali — 70 foiz;
o‘rta tibbiy xodim mutaxassisliklari uchun — 60 foiz etib belgilanadi.
Mazkur talab har bir o‘quv modulini o‘zlashtirishda hamda davlat imtihonlarida qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, aholi orasida eng ko‘p uchraydigan va o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan kasalliklar hamda holatlar bo‘yicha ajratiladigan kredit soatlari ko‘paytiriladi. Bu amaliyot klinik tayyorgarlikni real ehtiyojlarga moslashtirishni nazarda tutadi.
Ta’lim jarayoniga ilmiy tadqiqotlar va dalillarga asoslangan tibbiyot uslubiyoti, simulyasion markazlarda amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish majburiy tartibda joriy etiladi.
Tor soha mutaxassisligi faqat rezidentura va magistratura orqali shifokorlar uchun tor ixtisosliklar bo‘yicha birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashtirish endilikda faqat rezidentura (klinik ordinatura) va magistratura orqali amalga oshiriladi.
Qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari orqali tor soha mutaxassisligi berish tartibi bekor qilinadi (qo‘shimcha yoki chuqurlashtirilgan tayyorgarlik bundan mustasno).
Shuningdek, birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari — internatura qabul qilinishi ham bekor qilinadi.