Jamiyat
tezkor tadbirlarda yirik holatlar aniqlandi
Qimmatbaho metallarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Buxoro, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida bir qator qonunbuzilish holatlari fosh etildi.
Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Shofirkon tumanida yashovchi, 2001 va 2005 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro sof og‘irligi 110 gramm bo‘lgan nostandart shakldagi oltin quymasini 17 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tadbir davom ettirilib, mazkur qimmatbaho metallni qotishma shaklida tayyorlab bergan 2001 yilda tug‘ilgan shaxsning yashash manzili ko‘zdan kechirilganda, oltinni eritishga mo‘ljallangan uskunalar, prekursorlar hamda kislorod va suyultirilgan gaz ballonlari mavjudligi aniqlandi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu oltin quymasining bahosi 209 million 757 ming so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xorijdan uchib kelgan 1980 yilda tug‘ilgan chet el fuqarosi shaxsiy tintuvdan o‘tkazildi. Natijada, u umumiy qiymati 290 million 516 ming so‘mga teng, sof og‘irligi 226 gramm bo‘lgan tilla buyumlarni oyoqlari ostiga yashirgan holda bojxona nazoratidan olib o‘tganligi aniqlandi. Mazkur zargarlik mahsulotlari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Andijon viloyatida ham shunga o‘xshash qonunbuzilish holati qayd etildi. Xususan, Andijon shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro Qirg‘izistondan “Do‘stlik” xalqaro nazorat-o‘tkazish punkti orqali kirib kelayotgan vaqtda tekshiruvdan o‘tkazilganda, uning yonida bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, taxminiy bahosi 400 million so‘mlik 241 gramm tilla buyumlar borligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, ushbu zargarlik mahsulotlari sotish maqsadida Turkiyadan Qirg‘iziston orqali olib kelinayotgan bo‘lgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan olingan ashyoviy dalillarga nisbatan ekspertiza tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Barcha holatlar bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.