Jamiyat

Tergov izolyatorida vafot etgan navoiylik tadbirkor firibgarlik ayblovi bo‘yicha oqlandi

Published

on


Tadbirkor Azamat Xoliqov juda ko‘p miqdorda firibgarlik va boshqa iqtisodiy jinoyatlarda gumonlanib, 2024 yil 20 aprelda qamoqqa olingan hamda 6 kundan so‘ng tergov izolyatorida vafot etgandi. Birinchi instansiya sudi marhum tadbirkorni juda ko‘p miqdorda firibgarlik, soliqdan bo‘yin tovlash, savdo qoidalarini buzish va boshqa jinoyatlarda aybli deb topgan. Apellyatsiya sudi uni firibgarlik jinoyati bo‘yicha aybsiz deb topib, oqladi.

Navoiylik marhum tadbirkor Azamat Xoliqov juda ko‘p miqdorda firibgarlik aybi bo‘yicha oqlandi. Kun.uz apellyatsiya sudi ajrimi bilan tanishdi.

To‘dako‘l ishi

Azamat Xoliqov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Navoiy viloyatida joylashgan To‘dako‘l ko‘li bilan bog‘liq.

To‘dako‘ldan 2004 yildan 2018 yilga qadar “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston–Amerika qo‘shma korxonasi ijara asosida foydalanib, baliqchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Ushbu qo‘shma korxonaning ijara muddati 2022 yilda tugashi kerak bo‘lgan.

2017 yilda tashkil etilgan “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi 2018 yil yanvarida ko‘lni ijaraga berish bo‘yicha qayta tender o‘tkazgan. Ushbu tenderda “Aqua-Tudakul” g‘olib deb topilib, uyushma bilan 10 yillik shartnoma imzolagan.

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi 2018 yil aprel oyiga kelib, ushbu shartnomani bekor qilgan va may oyida qayta tender o‘tkazgan. Bu safar tender o‘tkazilishidan 20 kun avval davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Golden Lake Fish” MChJ g‘olib deb topilgan. Azamat Xoliqov ushbu MChJ ta’sischisi edi.

Shu tariqa, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining noqonuniy tenderi orqali To‘dako‘l “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston–Amerika qo‘shma korxonasidan “Golden Lake Fish” MChJga o‘tgan. JIB Navoiy shahar sudining 2022 yil 15 avgustdagi hukmiga ko‘ra, “Golden Lake Fish” MChJ rahbari Panjiqul Ro‘ziqulov tenderga qalbaki hujjatlar tayyorlab taqdim qilgan.

“Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasi rahbari Shavqitdin Jamolov ko‘lda 30 mlrd so‘mdan ortiq yetishtirilgan baliq zaxirasi bo‘lganini, ushbu zaxira “Golden Lake Fish” MChJga o‘tib ketganini da’vo qilib keladi. Ko‘lda qolib ketgan baliq zaxirasiga oid sudlarda uning “qo‘li baland kelgan”.

Marhum Azamat Xoliqovga qo‘yilgan juda ko‘p miqdorda firibgarlik aybi ana shu summa bilan bog‘liq.

 

Dastlabki sud hukmi

Marhum Azamat Xoliqov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Navoiy shahar sudida ko‘rib chiqilgan.

Ushbu sudning 2026 yil 6 fevraldagi hukmi bilan marhum tadbirkor Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi, 181-1-moddasi (qasddan to‘lovga qobiliyatsizlikka olib kelish) 1-qismi, 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a, b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan. Marhum A.Holiqovga jinoyat-protsessual qonunchiligiga ko‘ra jazo tayinlanmagan.

Shuningdek, yana bir sudlanuvchi – “Golden Lake Fish” MChJ ta’sischisi Panjiqul Ro‘ziqulov ham firibgarlik jinoyatida aybli deb topilib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Panjiqul Ro‘ziqulovdan “Aqua-Tudakul” foydasiga 32,6 mlrd so‘m miqdorda yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilangan.

Apellyatsiya ajrimi

Jinoyat ishi Navoiy viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan.

Apellyatsiya sudining 2026 yil 30 iyundagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmining marhum Azamat Xoliqov, Panjiqul Ro‘ziqulov hamda yana bir sudlanuvchiga oid qismi o‘zgartirilgan.

Sud ajrimiga ko‘ra, Azamat Xoliqov va Panjiqul Ro‘ziqulov juda ko‘p miqdorda firibgarlik (Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi) jinoyati bo‘yicha aybsiz deb topilgan hamda oqlangan. Jinoyat ishining shu qismi tugatilgan. 

Shuningdek, hukmning Panjiqul Ro‘ziqulovdan “Aqua-Tudakul” foydasiga 32,6 mlrd so‘m miqdorda yetkazilgan moddiy zararni undirish hamda xatlangan mol-mulklarni yetkazilgan zararni qoplashga yo‘naltirish qismi bekor qilingan. Sud hukmining qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ajrimdan norozi tomonlar belgilangan tartibda taftish shikoyati kiritish huquqiga ega ekani tushuntirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 56 yoshli tadbirkor Azamat Xoliqovga ushbu ish doirasida 2024 yil 20 aprel kuni qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan va u 6 kun o‘tib tergov izolyatorida vafot etgandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version