Mahalliy

Tepadan sochilgan pul, havoga sovurilgan qadr

Published

on


Tasavvur qiling, Nyu-Yorkning mashhur restoranlaridan birida taniqli xonanda kuylamoqda. Davraga chiqqan bir boyvachcha esa uning boshidan yuz dollarlik kupyuralarni xazonrezgidek sochyapti… Yoki Seuldagi hashamatli to‘yxonada kelin-kuyovning ustidan millionlab vonlar chirpirak qilib havoga uchirilyapti, odamlar esa yerda emaklab pul teryapti…

Ochig‘i, bu manzarani yozyapmanu, ko‘z oldimga umuman keltira olmayapman. Tasavvur qilishning ham iloji yo‘q! Chunki rivojlangan davlatlarda bunday holatni ko‘rgan odam sog‘lom fikrli insonni emas, balki jinnixonadan qochgan kimsani ko‘rgandek angrayib qolishi aniq.

Axir qanday tasavvur qilish mumkin? Kundalik hayotimizda o‘sha yashil dollarning yuziga kichkinagina bir nuqta tegsa yoki biroz chizilsa, banklar «eskirgan pul» deb narxini tushirib, bizdan sotib olishga ikkilanib tursayu, to‘yxonada uni oyoq osti qilib sovurish mumkinmi?
Afsuski, o‘zganing puliga, xorij valyutasiga kelganda ularni shu qadar qadrlaymizki, o‘z milliy valyutamiz, ya’ni so‘mimizning oyoq osti bo‘lishiga negadir o‘rganib qolganmiz. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, to‘yda xonandaning boshidan pul sochilayotgani aks etgan navbatdagi video ham buning achchiq isboti bo‘ldi.

Aslida pulning tepadan yerga sochilishing o‘zi uni qadrsiz ekanidan dalolat. Osmondan uchib tushayotgan pul davlat ramzi emas, shunchaki yengiltaklik va maqtanish qurboniga aylangan qog‘oz parchasidek tasavvur uyg‘otadi.

Xorijda vaziyat qanday?

Bu muammo faqat bizga xos emas, biroq rivojlangan va tizimli davlatlarda milliy valyutaga bo‘lgan munosabat butunlay boshqacha. U yerlarda pul — davlatning suvereniteti, inson mehnatining oliy ramzi sifatida qonun va yuksak madaniyat bilan himoyalanadi.

Misr

Yaqin Sharq, xususan Misr to‘ylarida ham pul sochish holatlari uchrab turadi. Biroq so‘nggi paytlarda tarmoqlarda mashhur san’atkorlarning ustidan pul sochilgan videolar tarqalishi ortidan Misr Soliq boshqarmasi (Egyptian Tax Authority) rasmiy surishtiruvlarni yo‘lga qo‘ydi. Bunday «shou» qilgan shaxslarning daromad manbasi va o‘sha pulni yig‘ib olgan xonandalarning yil yakunidagi deklaratsiyasi qattiq tekshiriladi. Pul sochish, yashirin iqtisodiyot va soliqdan bo‘yin tovlash omili sifatida davlat darajasida nazoratga olingan.

Amerika

Dunyodagi eng ommabop valyuta bo‘lgan dollar ham AQShda qattiq huquqiy himoyaga ega. AQSh Jinoyat kodeksining 18-tituli, 333-moddasiga ko‘ra, milliy banknotalarni qasddan yaroqsiz holga keltirish, shikastlash yoki yirtish qonunbuzarlik hisoblanadi. Buning uchun yirik miqdorda jarima yoki (6 oy)gacha bo‘lgan muddatga qamoq jazosi belgilangan. To‘ylarda pul sochib, uni oyoq osti qilish banknotalarning shikastlanishiga olib kelishi sababli, Amerika jamiyatida bunday xatti-harakatlar Federal qonunni buzish va moliyaviy tizimni haqorat qilish deb baholanadi.

Yaponiya

Yaponiyada milliy valyuta iyenaga munosabat insonning o‘ziga va atrofdagilarga bo‘lgan hurmati belgisidir. Bu yerda pul hech qachon g‘ijimlanmaydi, yerga otilmaydi. To‘y va marosimlarda san’atkorga yoki xizmatchilarga pul berilmoqchi bo‘lsa, u hech qachon ochiq uzatilmaydi. Pulni nafis, an’anaviy shugibukuro konvertlariga solib, ikki qo‘llab, ta’zim bilan topshirishadi. Bu ham pulning qadrini, ham qarshisidagi insonning mehnatini ulug‘lashdir.

Qadriyatlar qanday buziladi?

To‘ylarda pul sochilganda, davra o‘rtasiga birinchi bo‘lib yosh bolalar yugurib chiqadi. Ularning bir-birini itarib, yerda emaklab pul terayotgan manzarasini kuzatish juda achinarli. Biroz chuqurroq mushohada qilsak, bu jarayon go‘daklar ongida salbiy iz qoldiradi. Pulga sig‘inish va ochko‘zlik ana shunday paydo bo‘ladi. Bola go‘dakligidanoq pul uchun yerga egilish, tiz cho‘kish, pul uchun talashish oddiy hol ekan, degan xulosaga keladi. Pul uning ko‘ziga mehnat bilan topiladigan vosita emas, balki davralarda oyoq ostidan terib olinadigan, talashiladigan qandaydir buyumdek bo‘lib ko‘rinadi.
Ular pul topgan odamning peshona terini, mehnatini, mashaqqatini ko‘rmaydi, balki pulni havoga sovurayotgan boyvachchani va uning ortidan yerda dumalab yurganlarni ko‘radi. Kattalar o‘zlari sezmagan holda yosh avlodga pul uchun har qanday holatga tushish mumkinligini ana shunday namoyish qilib berishadi.

Yerga tushgan pul mikrobning koni…

Endi masalaning eng oddiy va sanitariya jihatiga e’tibor qarataylik. To‘yxona sahnida odamlar raqsga tushadi. Ko‘chadan chang, loy va turli iflosliklar tekkan yuzlab tuflilar bosgan o‘sha sahnaga milliy valyutamiz uchib tushadi. Yer bilan bitta bo‘lgan, ustidan kimdir bosib o‘tgan pul shunchaki qog‘oz emas, balki eng xavfli infeksiyalar o‘chog‘iga aylanadi. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, qog‘oz pullar yuzasida shundoq ham millionlab bakteriyalar yashaydi. Endi ularni to‘yxonaning chang poliga tashlab, so‘ng yerdan terib olish sanitariya qoidalariga mutlaqo ziddir. O‘sha iflos pullarni bolalar yerdan oladi, cho‘ntagiga soladi, keyin esa to‘y dasturxonidagi shirinliklarga yuvilmagan qo‘lini uzatadi.

Havoga uchgan pullar…

Yana o‘sha manzaraga qaytamiz: to‘yxona chiroqlari ostida raqqosa sho‘x kuylarga xirom aylamoqda. Uning atrofida esa ko‘k, qizil, yashil rangli qog‘oz pullar chirpirak bo‘lib havoga uchib, chang va tufli izlari tushgan yerga tushmoqda. Davradagilar qarsak chalib, maza qilmoqda…
Endi shu suratning ortiga yashiringan ikkinchi, asl manzarani ko‘raylik. Davrada xazonrezgidek sochilayotgan o‘sha yashil va ko‘k pullarni ishlab topish uchun to‘y egalari begona yurtlarda, qahraton sovuqda tong saharlab ko‘cha supurgan, qurilishlarda og‘ir mehnat qilgan. Oilasini boqish, to‘y qilish ilinjiga o‘zga yurtlarda kimlargadir bosh egib, past kelib, tish-tirnog‘i bilan topgan mablag‘i ortida bir insonning orttirgan kasalligi, yaqinlari sog‘inchi va ko‘z yoshlari yotibdi. Qanday qilib o‘z vatandoshingning, balki o‘z ota yoki aka-ukaning sog‘lig‘i, or-nomusi evaziga kirib kelgan mablag‘ni bir necha daqiqalik soxta obro‘ uchun raqqosaning, xonandaning oyoq ostiga sovurish mumkin? Bu nafaqat milliy valyutaga, balki o‘sha mashaqqatli mehnatga va inson qadriga bo‘lgan eng oliy darajadagi hurmatsizlikdir.

Achchiq e’tirof

Ha, men AQSh dollari yoki Koreya voniining to‘ylarda sochilishini tasavvur qila olmayman. Lekin, afsuski, o‘zbek so‘mining osmondan chirpirak bo‘lib yerga tushishini, oyoq ostida sochilishini juda oson «hazm» qila olaman. Chunki bolaligimdan, yoshligimdan to‘ylarimizda aynan mana shu manzarani ko‘rib ulg‘aydim.

Eng achinarlisi, biz o‘z pulimizga, demakki, o‘z peshona terimiz bilan qilgan mehnatimizga mana shunday munosabatda bo‘lishga ko‘nikib bo‘lganmiz. Bu ko‘nikmani, bu qon-qonimizga singib ketgan madaniyatsizlikni bugun o‘zgartirmasak, ertaga farzandlarimiz ham milliy ramzimizni oyoq ostida ko‘rib ulg‘ayaveradi… O‘z milliy valyutasini, o‘z vatandoshining mashaqqatli mehnatini qadrlamagan millat, o‘zgalar ko‘zida ham hech qachon qadr topmaydi.
Milliy bayrog‘imiz va gerbimizni tahqirlaganlik uchun qonunda javobgarlik belgilangan. Demak, milliy so‘mimizni oyoq osti qilish odati qonun bilan taqiqlanmas va jazo muqarrar bo‘lmas ekan, bu xunuk holat davom etaveradi.

Barno Sultonova



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version