Sport
Temur Kapadze O‘zbekistonda qoldi
O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Indoneziyaga ketishi kutilayotgandi, ammo u yakunda Superliga klubi bilan kelishuvga erishdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze faoliyatini Superliga klubida davom ettiradi. Namanganning «Navbahor» klubi 44 yoshli ushbu mutaxassisni yangi bosh murabbiy sifatida e’lon qildi.
«Tajribali mutaxassis klub rahbariyati bilan barcha masalalarni muhokama qilgan holda, jamoadagi kelgusi rejalar va maqsadlar yuzasidan to‘liq kelishuvga erishdi. Tomonlar o‘zaro shartnoma imzoladi», deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.
Yangi bosh murabbiy bugundan boshlab jamoa bilan ishlashni boshlashi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, «Navbahor» klubini 2025 yilgi mavsumda Sherzod Jo‘rayev boshqargandi, jamoa mavsumni 40 ochko bilan 7-o‘rinda yakunladi.
Timur Kapadze bungacha murabbiylik faoliyatida O‘zbekiston olimpiya jamoasida va «Olimpik» klubida bosh murabbiy sifatida ishlagan, 2025 yil yanvarida Srechko Katanets salomatligidagi muammolar tufayli iste’foga chiqqanida uning o‘rniga O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruviga tayinlangandi. U asosiy jamoa bilan O‘zbekiston tarixidagi ilk mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, ammo O‘FA rahbariyati 2026 yilgi jahon chempionatiga taniqli mutaxassis – italiyalik Fabio Kannavaro bilan borishni ma’qul ko‘rdi.
Shundan keyin Kapadze bir muddat jamoada yordamchi murabbiy sifatida ishlashda davom etgandi, ammo mustaqil faoliyat yuritish istagini bildirib, noyabr oyida asosiy jamoadan ketdi. Unga Indoneziya milliy jamoasidan jiddiy qiziqish mavjud edi, tomonlar o‘rtasida bir necha bor muzokaralar o‘tkazildi, ammo yakunda mutaxassis O‘zbekistonda qoladigan bo‘ldi.