Iqtisodiyot

«TBC»ga aloqador kompaniya «OLX»ni sotib olmoqda

Published

on


Raqobat qo‘mitasi Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan «Tapuz Limited» kompaniyasining «OLX Classifieds» MChJ XKdagi 100 foiz ulushni sotib olishi bo‘yicha arizasini ko‘rib chiqdi.

Mazkur kompaniya «OLX» savdo belgisi ostida onlayn reklama xizmatlarini ko‘rsatuvchi raqamli platformani boshqaradi. Tahlillar jarayonida «Tapuz Limited»ning asosiy aksiyadori bo‘lgan «TBC Bank Group PLC» O‘zbekistondagi «TBC Bank» raqamli banki va «Payme» to‘lov xizmatiga bilvosita egalik qilishi inobatga olindi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, «Payme» va «OLX Classifieds» raqamli platformalar sohasida ustun mavqega ega korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bois bitim raqobat muhitiga ta’siri nuqtai nazaridan alohida o‘rganildi.

Maxsus komissiya o‘tkazgan tahlillar yakunlariga ko‘ra, iqtisodiy konsentratsiya bitimiga oldindan rozilik berish haqida qaror qabul qilindi. Biroq bu qaror bir qator majburiy talablar bilan birga tasdiqlandi.

Jumladan, «TBC Bank Group PLC» nazoratidagi platformalar orqali «OLX» foydalanuvchilari uchun xizmat ko‘rsatish shartlariga bir tomonlama va asossiz ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmasligi shart qilib belgilandi.

Shuningdek, «OLX» platformasida yig‘iladigan ma’lumotlardan raqobatni cheklash maqsadida foydalanish, raqobatchi kompaniyalar mijozlariga oid ma’lumotlarni oshkor qilish yoki ustun mavqeni suiiste’mol qilish taqiqlandi.

Qo‘mita qarorida to‘lov xizmatlari sohasida raqobatni saqlashga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Unga ko‘ra, «OLX» platformasida xizmatlar uchun haq to‘lashda foydalanuvchilarni faqat «Payme» yoki «TBC Bank» ilovalaridan foydalanishga majburlash mumkin emas. Barcha raqobatchi to‘lov tizimlari uchun teng sharoit yaratilishi lozim.

Raqobat qo‘mitasi mazkur kelishuv amalga oshirilishi jarayonida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun va iqtisodiy konsentratsiya bitimlarini tartibga soluvchi normativ hujjatlar talablariga qat’iy rioya etilishi ta’minlanishini ta’kidladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version