Iqtisodiyot
Taxiatosh IES davlat ixtiyoriga qaytariladi
Ikki yarim yil oldin Smart Integrity me MChJga ishonchli boshqaruvga berilgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi bir oy ichida davlat ixtiyoriga qaytariladi. Ishonchli boshqaruvning nima uchun bekor qilinganiga rasmiy izoh berilmagan.
Smart Integrity me MChJga ishonchli boshqaruvga berilgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi bir oy muddatda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ tarkibiga qaytariladi. Bu haqda 25 fevraldagi «Davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklari faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, Taxiatosh IES Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi mintaqadagi eng yirik energetika korxonalaridan biridir. Stansiya 2023 yil 18 sentabrda tuzilgan shartnoma asosida Smart Integrity me MChJga ishonchli boshqaruvga berilgandi.
Taxiatosh IES sof foydasi 2021 yilda 382,9 mlrd so‘mni, 2022 yilda 56,6 mlrd so‘mni, 2023 yilda esa 4,37 mlrd so‘mni tashkil qilgan. 2024 yil uchun moliyaviy hisobot e’lon qilinmagan.
Ochiq manbalarda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Smart Integrity me MChJ 2023 yil 6 yanvarda ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning yagona ta’sischisi — New Industrial Technologies. Ushbu tashkilot avvalroq Paynet to‘lov tashkiloti hamda Humo to‘lov tizimini sotib olgandi. Shuningdek, Dehqonobod kaliy zavodini Asian Chemical Group’da ham 49 foiz ulushga ega.
Taxiatosh IES nima uchun ishonchli boshqaruvdan qaytarib olinayotganiga qo‘shimcha izoh berilmagan. Bundan tashqari, ushbu tuzilma ishonchli boshqaruvida bo‘lgan Toshkent va Navoiy issiqlik elektr stansiyalarining ayni paytdagi egalik huquqi kimga tegishli ekanligi ham noma’lum bo‘lib qolyapti.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda ishonchli boshqaruvga berilgan Angren va Yangi Angren IESlari ham davlat ixtiyoriga qaytarilgandi. Bunga stansiyalarning 3 yil ichida 1,5 trln so‘m zarar ko‘rgani sabab bo‘lgandi.