Iqtisodiyot
Tadbirkorning loyiha hujjatlarini asossiz kechiktirgan qurilish boshqarmasi xodimi javobgarlikka tortildi
Qurilish bosh boshqarmasining Yakkasaroy tuman bo‘limi arxitektori tomonidan tadbirkorning loyiha-smeta hujjatlari asossiz ravishda kelishib berilmasdan, paysalga solib kelingan. Arxitektorga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Tadbirkorning loyiha hujjatlarini kelishishni kechiktirgan mas’ul xodim javobgarlikka tortildi, deya xabar berdi Biznes-ombudsman axborot xizmati.
Qayd etilishicha, «X.X.O.B.» MChJ Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi xodimlarining xatti-harakatidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. Aniqlanishicha, Qurilish bosh boshqarmasining Yakkasaroy tuman bo‘limi arxitektori tomonidan tadbirkorning loyiha-smeta hujjatlari asossiz ravishda kelishib berilmasdan, paysalga solib kelingan.
Mazkur holat o‘rganilganda, tadbirkorning e’tirozlari asosli ekani tasdiqlangan. Ko‘rilgan tezkor choralar va qo‘yilgan qonuniy talablar natijasida tuman arxitektori loyiha-smeta hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, ijobiy xulosa bergan.
Shu bilan birga, xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan va qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan Qurilish bosh boshqarmasi Yakkasaroy tuman bo‘limi mas’ul xodimiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.