Iqtisodiyot
tadbirkorlarning 67 foizi iqtisodiyot istiqboliga ishonch bildirdi
O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan e’lon qilingan 2026-yil I choragi uchun «Biznes kayfiyati sharhi» natijalariga ko‘ra, mamlakatda tadbirkorlarning biznes muhiti va iqtisodiy istiqbollarga bo‘lgan ishonchi yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Hisobotga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 60 foizi biznes yuritish shart-sharoitlari yaxshilanganini qayd etgan. Ayniqsa, ta’lim, umumiy ovqatlanish, aloqa va axborot, qishloq xo‘jaligi hamda turizm sohalarida biznes muhiti sezilarli darajada yaxshilangani ta’kidlangan.
Tadbirkorlar biznes rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar sifatida:
bank xizmatlari sifati;
kredit olish imkoniyatlari;
raqobat muhiti;
litsenziya olish jarayonlarining soddalashganini qayd etgan.
Shuningdek, hisobotda buyurtmalar hajmi oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi 56 foizga yetgani qayd etilgan. Qo‘shimcha ishchi kuchiga bo‘lgan talab bo‘yicha ijobiy baholar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 foiz bandga oshgan.
Energiya iste’moli oshganini bildirgan respondentlar ulushi esa aksincha 15 foiz bandga kamayib, 45 foizni tashkil etgan.
Eng muhim ko‘rsatkichlardan biri sifatida, so‘rov ishtirokchilarining 67 foizi kelgusi uch yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyoti va biznes muhiti yanada yaxshilanishiga ishonch bildirgan.