Iqtisodiyot
Tadbirkorlarga ishlab chiqarish quvvatini oshirishga nimalar to‘sqinlik qilyapti?
Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, energiya ta’minotidagi uzilishlar, aylanma mablag‘lari kamligi, avtomobillar uchun yonilg‘i narxlari qimmatlashishi biznesning to‘liq quvvatda ishlashi uchun asosiy to‘siq bo‘lib qolyapti. Shuningdek, soliq tizimidagi murakkabliklar va ijara xarajatlari yuqoriligi ham muammoli jihatlar sifatida qayd etilgan.
2025 yilning uchinchi choragi yakunlari bo‘yicha respublikada tadbirkorlik muhitini o‘rganish natijalariga ko‘ra, so‘rovnomada ishtirok etgan tadbirkorlarning 62 foizi biznes uchun shart-sharoitlar ikkinchi chorakka nisbatan yaxshilanganini qayd etgan. Ushbu ko‘rsatkich so‘nggi ikki yil davomida o‘rtacha 50 foizdan yuqori darajada saqlanib kelmoqda, deyiladi Markaziy bank sharhida.
Respondentlar biznes muhitidagi ijobiy o‘zgarishlarni, avvalo, bank xizmatlari sifati, raqobat muhiti va yo‘l infratuzilmasi yaxshilangani, litsenziya olish jarayonlari soddalashgani hamda ma’muriy aralashuvlar kamaygani bilan izohlagan. Shu bilan birga, monopollashuv darajasi, soliq ma’murchiligi, energiya ta’minoti va bojxona tariflari bo‘yicha holat o‘tgan chorak darajasida saqlanib qolgan.
Ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi Sirdaryo, Buxoro, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida sezilarli oshgan bo‘lsa, Andijon, Jizzax, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida pasaygan. Tadbirkorlar tomonidan energiya ta’minotidagi uzilishlar, aylanma mablag‘lari kamligi, avtomobillar uchun yonilg‘i narxlari qimmatlashishi, soliq tizimidagi murakkabliklar va ijara xarajatlari yuqoriligi to‘liq quvvatda faoliyat yuritmaslikning asosiy sabablari sifatida qayd etilgan.
Tadbirkorlar orasida so‘nggi uch oy davomida qarz majburiyatlari kamayganligini bildirganlar ulushi ko‘payib, 18 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, qo‘shimcha kreditlarga bo‘lgan talab borasidagi kutilmalarda ham biroz pasayuvchi tendensiyalar saqlanib qolgan.