Jamiyat
Tadbirkorlar uchun “yagona darcha”: “Biznes hamroh” markazlari ochiladi
2026 yil 1 martdan tadbirkorlik faoliyatiga oid davlat xizmatlari va ayrim xususiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatishga qaratilgan “Biznes hamroh” loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha doirasida maxsus markazlar tashkil etiladi.
Qonunchilikka muvofiq, “Biznes hamroh” loyihasi tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish tizimini soddalashtirish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutadi. Ushbu mexanizm orqali tadbirkorlar turli davlat idoralariga alohida-alohida murojaat qilish o‘rniga, zarur xizmatlarni bir joyning o‘zida olish imkoniga ega bo‘ladi.
Loyiha doirasida Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan boshqariladigan “Biznes hamroh” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Markazlarda tadbirkorlik faoliyatiga oid davlat xizmatlari bilan bir qatorda ayrim xususiy xizmatlar ham “yagona darcha” asosida taqdim etiladi.
Dastlabki bosqichda “Biznes hamroh” markazlari Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek har bir viloyat markazida 1 tadan tashkil etilishi belgilangan. Keyinchalik loyihani bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Mazkur tashabbus tadbirkorlik sub’yektlariga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini tezlashtirish, ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan.