Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun «Biznes himoya» QR-kodi joriy etiladi
«Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan amaldagi funksiyalariga qo‘shimcha ravishda quyidagi yangi imkoniyatlarga ega «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi:
– tadbirkor faoliyat yuritadigan joydagi tuman (shahar) hokimi, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika va soliq inspektorlari haqida ma’lumot olish va ularga murojaat qilish (chat) tizimini yaratish;
– o‘tkazilgan tekshiruvlar va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlar natijasi bo‘yicha davlat xizmatchisi xatti-harakatlariga baho berish;
– tekshirish huquqi bo‘lmagan yoki tekshiruvga chiqishi belgilanmagan nazoratchi haqida real vaqt rejimida tadbirkorni xabardor qilish va boshqalar.
Quyidagilar 2026 yil 1 avgustdan boshlab joriy etiladi:
– nazorat qiluvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mansabdor shaxslari va xodimlari (davlat xizmatchisi) hamda tadbirkorlar o‘rtasida nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotni «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida hisobga olish tartibi;
– «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlarni, shu jumladan, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini ro‘yxatga olishni va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlarni hisobga olishni ta’minlovchi «Biznes himoya» QR-kodi.