Iqtisodiyot
Tabiiy suv havzalari auksionga chiqariladi, davlat xarajatlarga sherik bo‘ladi
Mamlakatimiz baliqchilik tarmog‘ini tizimli rivojlantirish, sohaga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida tub islohotlar bosqichi boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bu boradagi huquqiy va iqtisodiy o‘zgarishlarning bosh omili bo‘ldi. Markaziy hujjatga muvofiq, 2026–2027-yillar mamlakatda baliqchilik sohasini rivojlantirishning ustuvor davri etib belgilandi.
Yangi strategiyaning bosh maqsadi aholini sifatli va arzon oqsil mahsuloti bilan ta’minlash hamda eksportni oshirishdir. Farmon bilan mamlakatda baliq yetishtirish hajmini 500 ming tonnaga, yuqori qiymatli sovuq suv baliqchiligini (forel, osyotr va boshqalar) esa 20 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha qat’iy vazifa qo‘yildi.
Bu marralarga erishish uchun sohaga mutlaqo yangi boshqaruv tizimi kirib kelmoqda. Baliqchilikni rivojlantirish markazi hamda uni moliyaviy qo‘llab-quvvatlovchi maxsus jamg‘arma tashkil etiladi. Bu esa loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va byurokratiyasiz moliyalashtirish imkonini beradi.
Sohadagi eng katta korrupsion xavflardan biri bo‘lgan suv havzalarining nohaq taqsimlanishiga chek qo‘yilmoqda. 2027-yildan boshlab barcha suv omborlari va tabiiy suv havzalari faqat va faqat ochiq elektron auksionlar orqali ijaraga beriladi. Bu har bir intiluvchan tadbirkor uchun teng imkoniyat, sog‘lom raqobat va xavfsiz investitsiya muhitini kafolatlaydi.
Yangi davrda davlat baliqchilarni shunchaki kuzatib turmaydi, balki ularning xarajatlariga sherik bo‘ladi. Endilikda tadbirkorlarga quyidagi yo‘nalishlar uchun subsidiyalar va kompensatsiyalar ajratilishi belgilandi:
Suv havzalariga o‘rnatiladigan quyosh panellari;
Aeratorlar va intensiv baliq yetishtirish uchun yopiq suv aylanish tizimlari;
Xorijdan keltiriladigan nasliy ona baliqlar importi;
Omuxta yem ishlab chiqarish uchun zamonaviy uskunalar.
Ushbu chora-tadbirlar baliq yetishtirish tannarxini kamida 25-30 foizga kamaytirish va yil davomida uzluksiz mahsulot olish imkonini beradi.
Baliqchilik endi shunchaki havzaga chovoq tashlash emas, bu yuqori texnologik ilm. Shu bois, soha vakillari uchun qisqa muddatli professional o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Eng e’tiborlisi, jarayonga xorijiy yetakchi mutaxassislarni jalb etish xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Ushbu keng ko‘lamli islohotlar zanjiri baliqchilikni an’anaviy usullardan voz kechib, zamonaviy, raqobatbardosh va yuqori daromadli sanoatga aylantirishga qaratilgan. Natijada bozorda mahsulot ko‘payadi, narxlar barqarorlashadi va eng muhimi minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Investitsiya kiritish va sohada o‘z o‘rnini topishni istagan tadbirkorlar uchun ayni muddao, fursatni boy bermaslik kerak.