Jamiyat
Tabiiy gazga ulash uchun pora olgan mansabdorlar ushlandi
Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarida tabiiy gaz tarmog‘iga ulash, yangi abonent hisobini rasmiylashtirish hamda gazdan qarzdorlikni kamaytirib berishni va’da qilib, fuqarolardan pul olgan bir qator mas’ul shaxslar fosh etildi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Rishton tumani bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda «Rishton tumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari S.Sh. va M.O. fuqaro H.Uning xonadonini tabiiy gaz tarmog‘iga ulash va hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 5,2 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olib, shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani aniqlangan.
Uychi tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa «Uychitumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi yetakchi muhandisi B.D. fuqaroning xonadonini gaz tarmog‘iga ulash va hisoblagich o‘rnatib berish evaziga o‘z xizmat xonasida 4,5 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Chortoq tumanidagi tezkor tadbirda «Yangiqo‘rg‘ontumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi yetakchi muhandisi A.A. fuqaroning uyini gaz tarmog‘iga ulash va yangi abonent hisob raqami ochib berish evaziga filial qorovuli orqali 4,8 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Andijon viloyatining Izboskan tumanida esa «Hududgaz Andijon» gaz ta’minoti filialining sobiq bo‘lim boshliqlari A.I. va K.Yu. tadbirkorni gazdan hisoblangan 76 million so‘m qarzdorlikni kamaytirib berishga ishontirgan. Ular bu xizmat uchun olingan 500 AQSh dollarining bir qismi — 2,3 million so‘mni tadbirkorga qaytarib berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda barcha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.