Jamiyat
Suyunchi puli bo‘yicha tartibga o‘zgartirish kiritildi
Suyunchi pulini endi hamma birinchi farzandlar olishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli (suyunchi) faqat birinchi farzand tug‘ilganda qayd etilar edi.
Biroq, shunday holatlar ham bo‘ladiki, birinchi tug‘ilgan bola yashashga ham ulgurmay, nobud bo‘ladi. Ammo bolaning tug‘ilishi haqidagi fakt axborot tizimiga onaning birinchi farzandi sifatida darhol qayd etiladi. Navbatdagi tug‘ilgan chaqaloq esa ikkinchi farzand deb hisoblanib, unga suyunchi pulini berish rad qilinar edi.
Muammo qanday aniqlandi?
Prezident Xalq qabulxonasiga kelib tushayotgan ushbu masalaga oid murojaatlarda ham ilk farzandi bilan perinatal yoki erta neonatal o‘lim holati yuz bergan onalar keyingi sog‘lom tug‘ilgan farzandi uchun bir martalik suyunchi pulini berish rad etilayotganidan shikoyat qilayotgan edi.
Prezident Xalq qabulxonasi va Vazirlar Mahkamasining tezkor tahlillari asosida hukumatning yuqorida aytilgan qaroriga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.
Yangi tartib qanday bo‘ladi?
Vazirlar Mahkamasining yangi qarori (2026-yil 9-apreldagi 154-sonli) bo‘yicha endilikda:
Birinchi va (yoki) undan keyingi farzandlar nobud bo‘lgan taqdirda, navbatdagi tirik tug‘ilgan bola uchun «suyunchi puli» to‘lab beriladigan bo‘ldi.