Jamiyat
Surxondaryoda quyoshda isitiladigan 1 ming gektar issiqxona barpo etiladi
Surxondaryo sharoitida issiqxona mahsuloti tannarxi boshqa hududlarga nisbatan 2–3 barobar arzon tushishi qayd etildi. Shu asosda viloyatda quyoshda isitiladigan issiqxonalarni kengaytirish, shuningdek, yaylov yerlarini o‘zlashtirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Ma’lum qilindiki, joriy yil Ispaniyaning Almeriya hududi tajribasi asosida 1 ming gektarda quyoshda isitiladigan issiqxonalar tashkil qilinadi. Bunday issiqxona quradigan tadbirkorlarga yer maydonlari 5 yilga bepul ijaraga beriladi, yer osti suvidan foydalangani uchun to‘lovdan esa 3 yil muddatga ozod qilinadi.
Shuningdek, Surxondaryoda to‘liq ishga solinmagan katta imkoniyat — yaylov yerlari ekani ta’kidlandi. Xususan, Boysun tumanida 197 ming gektar yaylov mavjud. Agar Darband daryosidagi nasoslar tiklanib, suv chiqarilsa, 10 ming gektar yaylovni foydalanishga kiritish, shundan 1,5 ming gektarida kartoshka, qolgan qismida esa ozuqabop ekin ekish imkoni borligi aytildi.
Qayd etilishicha, zaxiradagi yaylov yerlarini o‘zlashtirish uchun auksiondagi boshlang‘ich narx normativ qiymatning 1 foizi miqdorida belgilanadi. Yerni auksion orqali olgan tadbirkorlarga 10 yilga, 4 yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit ajratilishi belgilandi. Har 10 gektar maydonga suv olib kelish uchun esa 120 million so‘mgacha subsidiya beriladi.
Ushbu choralar orqali uch yillik dastur doirasida 58 ming gektar yaylovni aylanmaga kiritish va bu yerlarda 300 ming bosh qo‘y-echki boqishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.